Home » TALABALAR IJODIDAN » Adabiyot-manaviyat xazinasi

Adabiyot-manaviyat xazinasi

Inson ma’naviyatini, ruhiyatining yuksalishida adabiyot muhim o’rin tutadi. Boshqa jonzotlardan farqli o’laroq, inson nafaqat moddiy ozuqaga, balki manaviy, ruhiy oziqqa ham muhtojdir. Biz iste’mol qiladigan oziq-ovqatlar jismimiz ehtiyojlarini qondirib, uni doimiy quvvatlantirib turadi. Ma’naviy oziqlanish esa ruhiy boyitib, ma’naviy qashshoqlashishdan asraydi.

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov
“Yuksak ma’naviyat-engilmas kuch” asarida adabiyotning inson hayotidagi o’rni va ahamiyati haqida shunday deydi: “Insonni, uning ma’naviy olamini kashf etadigan yana bir qudratli vosita borki, u ham bo’lsa, so’z san’ati badiiy adabiyotdir. Adabiyotning insonshunoslik, shoir va yozuvchilarni esa inson ruhining muhaddislari” deb ta’riflanishi bejiz emas albatta.

Adabiyotga oshno bo’lgan insonlarni hech kuzatganmisiz yoki ular bilan suhbatda bo’lganmisiz? Adabiyotni sevgan, unga mehr qo’ygan  inson atrofdagilardan ajralib turadi. Ularning har bir gapida juda katta ma’no-mazmun, oddiy ko’z qarashlarida samimiylik, tashqi ko’rinishida ham ma’naviyatning, madaniyatning belgilari ko’rinib turadi. Har qanday badiiy asarlarda insonga hos bo’lgan fazilatlar va illatlar ifoda etiladi. Hattoki, hayvonlar to’g’risidagi ertaklarning ham zaminida insoniy tuyg’ular yotadi. Tuyg’ular esa aql, yurak, ko’ngil orqali yoziladi. Deylik, biz o’qiyotgan asar qahramonida baxtli, omadli kun boshlandi. Biz uni ana shu kunini xuddi o’zimizning baxtimizdek quvonib, zavq-shavq bilan  o’qiymiz. Yoki aksincha , baxtsiz, omadsiz kuni boshlanganda g’amga botamiz , ko’zimizda, qalbimiz to’rida qayg’u ko’z yoshlari paydo bo’ladi. Mana shunday asar mualliflari – Abdulla Qodiriy, Cho’lpon, Said Ahmad, G’ofur G’ulom, Abdulla Qahhor, Chingiz Aytmatov, O’tkir Hoshimovlar adabiyotimiz hazinasi mualliflaridir. Ularning asarlari oradan yillar o’tsa ham qo’llardan tushmaydi, har o’qiganimizda undan yangi ma’nolar topamiz.

Badiiy asarlarning insonning kamol topishidagi ahamiyati juda kattadir. Biz tug’iliboq ma’naviyatli, madaniyatli, ma’rifatli bo’lib qolmaymiz. Bu fazilatlarga tinimsiz o’qib – o’rganish, ustozlar ta’limini olish orqaligina ega bo’lamiz.

Termiz davlat universiteti

Pedagogika fakulteti 1-bosqich

Talabasi Inobat Karimova